
O‘zbekistonda biznes uchun hisobraqam qanday ochiladi
TBC Blog tahririyati
Hisobraqam — bu biznesning asosiy bank hisobvarag‘i. Usiz biznes naqd pulsiz to‘lovlar bilan ishlay olmaydi. Mijozlardan pul qabul qilish, yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob qilish va soliqlarni to‘lash qiyinlashadi. Hisobraqam kimlar uchun kerak, usiz ishlasa nima bo‘ladi, onlayn qanday ochish mumkin va qanday hujjatlar kerak — batafsil tushuntirib beramiz.
Hisobraqamni kim va qachon ochishi kerak
Qonunchilikda biznes ro‘yxatdan o‘tishi bilan darhol hisobraqam ochish talabi yo‘q. Lekin hisobraqamsiz kompaniya yoki yakka tadbirkor (YTT) turli cheklovlarga duch keladi.
Kompaniyaga kundalik faoliyat uchun hisobraqam kerak. Ko‘plab to‘lovlarni naqd pulda o‘tkazib bo‘lmaydi. Masalan, 25 mln so‘mdan qimmat tovar va xizmatlarni, ko‘chmas mulkni va ayrim turdagi transport vositalarini bank kartasi bilan yoki elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lash kerak.
Yakka tadbirkor hisobraqamsiz ishlashi va to‘lovlarni naqd pulda qabul qilishi mumkin. Lekin u mijozlardan shaxsiy bank kartasiga to‘lov qabul qilolmaydi. Aks holda shaxsiy va tadbirkorlik daromadlari aralashib ketadi. Bu o‘tkazmalar bank yoki soliq organlarida savollar tug‘dirishi mumkin.
Agar YTT xodim yollamoqchi bo‘lsa, hisobraqam ochishi shart bo‘ladi.
O‘zini o‘zi band qilgan kishilarga hisobraqam kerak emas. Yillik aylanma 1 mlrd so‘mdan oshmasa, to‘lovlarni shaxsiy kartaga qabul qilish mumkin. Agar bu summadan oshib ketsa, boshqa soliq rejimiga o‘tish kerak bo‘ladi. Masalan, YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Bemalol ishlash uchun darhol hisobraqam ochgan ma’qul. Shunda mijozlardan to‘lovlarni qabul qilish, yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob qilish, operatsiyalarni hujjatlar bilan tasdiqlash oson kechadi.
Hisobraqamni qayerda ochish mumkin
YTT va kompaniyalar bilan ishlaydigan istalgan bankda hisobraqam ochish mumkin.
YTT uchun hisobraqamni qulay boshqarish, tezkor to‘lovlar va o‘tkazmalar uchun past komissiyalar muhimroq. Tadbirkor ko‘pincha o‘zi to‘lovlarni yuboradi, soliqlarni to‘laydi, yetkazib beruvchilarga pul o‘tkazadi va tushumlarni kuzatib boradi. Shuning uchun bankning biznes ilovasi bo‘lsa qulay: internetga ulanib, hisobraqamni telefon orqali boshqarish mumkin bo‘ladi.
MCHJ va boshqa yuridik shaxslar uchun tezkor to‘lovlar bilan birga nazorat ham muhim. Hisobraqam bilan bir nechta xodim ishlay oladi: direktor, buxgalter, moliyaviy menejer yoki to‘lovlarni tayyorlaydigan ishchi. Shuning uchun bankda turli rollar va foydalanish huquqlari bo‘lgani yaxshi. Masalan, buxgalter to‘lovni yaratadi, direktor esa uni tekshiradi va tasdiqlaydi.
Shuningdek, ommaviy to‘lovlar, ish haqi loyihasi, hisobraqamdan ko‘chirmalar va operatsiyalar tarixi ham foydali bo‘ladi. Bularning barchasi buxgalteriyani yuritishga va to‘lovlarni nazorat qilishga yordam beradi, to‘lov hujjatlarini qo‘lda yig‘ishga hojat qolmaydi.
Masalan, TBC Biznes ilovasi bilan hisobraqamni onlayn boshqarish mumkin. To‘lov yuborish, pul o‘tkazish, tushumlarni kuzatish — hammasi telefon orqali. Shuningdek, hisobraqamdan kimlar va qay darajada foydalana olishini belgilash mumkin. Ish haqi loyihasi ishga tushirilgach esa, maoshlarni hisoblash va to‘lash uchun tayyor shablonlardan foydalansa bo‘ladi.
Hisobraqam ochish uchun qanday hujjatlar kerak
Hujjatlar turi hisobraqamni kim ochishiga bog‘liq: YTT yoki kompaniya. Odatda bank biznesingiz turiga qarab, talablar va hujjatlar ro‘yxatini oldindan ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarning bir qismi davlat reyestrlaridan avtomatik olinishi mumkin, qolganlarini esa onlayn ariza topshirishda yuklash kerak. Yoki hisobvaraqni oflayn ochmoqchi bo‘lsangiz, hujjatlarni bank filialiga olib borishingiz lozim.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun odatda pasport yoki ID karta, YTT ro‘yxatdan o‘tgani haqida ma’lumotnoma va JSHSHIR kerak bo‘ladi. Elektron raqamli imzo ham talab qilinishi mumkin. Uni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki E-imzo orqali olsangiz bo‘ladi. ERIni qanday olish haqida nechpul maqolasida batafsil o‘qishingiz mumkin.
MCHJ va boshqa biznes shakllaridan bank odatda ta’sis hujjatlarni so‘raydi. Ustav va ta’sis shartnomasi, kompaniya STIRi, direktorning pasporti yoki ID kartasi hamda vakolatni tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinishi mumkin. Vakolatni tasdiqlovchi hujjat — bu direktor tayinlangani haqidagi qaror bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha hisobraqam ochishda E-imzo ham so‘raladi.
TBC Biznes orqali hisobraqam ochish uchun E-imzo kerak emas. YTT uchun faqat JSHSHIR va pasport yoki ID karta raqami yetarli. MCHJ uchun esa kompaniya STIRi hamda direktorning pasport yoki ID karta raqami kifoya. Qolgan ma’lumotlarni bank mustaqil tekshiradi.
Hisobraqamni ochish va yuritish qancha turadi
Odatda hisobraqam bepul ochiladi. To‘lov esa hisobraqamni yuritish va ayrim operatsiyalar uchun olinadi. Masalan, pul o‘tkazmalari, naqd pul yechish, xalqaro to‘lovlar yoki biznes uchun qo‘shimcha xizmatlar pulli bo‘ladi.
Xizmat narxi tarifga bog‘liq bo‘lib, banklar bir nechta variant taklif qilishi mumkin. Abonent to‘lovisiz oddiy tarifdan tortib oylik to‘lovi bor va imkoniyatlari keng tariflargacha.
Abonent to‘lovisiz tarif hali to‘lovlari ko‘p bo‘lmagan kichik YTT uchun mos keladi. Masalan, tadbirkor yetkazib beruvchilarga oyiga bor-yo‘g‘i bir necha marta pul o‘tkazsa.
Agar to‘lovlar soni ko‘p bo‘lsa, abonent to‘lovi bor tarifga e’tibor berish mumkin. Bunday tarifga o‘tkazmalar, ommaviy to‘lovlar, byudjetga to‘lovlar yoki biznes uchun boshqa funksiyalar kirishi mumkin. Tarifdagi imkoniyatlar qancha ko‘p bo‘lsa, xizmat narxi ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Hisobraqamni ochish muddati bankka va biznes shakliga bog‘liq. Odatda arizani tekshirish bir necha soatdan boshlab ikki ish kunigacha davom etadi.
TBC Biznes’da hisobraqam bepul ochiladi va bunga bir necha daqiqa ketadi. Hisobraqamdan darhol foydalanish — to‘lash va to‘lovlarni qabul qilish mumkin. Hisobraqam ochilganda bazaviy obuna ham ulanadi: hisobraqamni yuritish bepul bo‘ladi, to‘lov faqat ayrim operatsiyalar uchun olinadi.
Agar to‘lovlar ko‘p bo‘lsa, abonent to‘lovi bor Business yoki Business Pro tariflariga o‘tish mumkin.
Business obunasi oyiga 170 000 so‘m turadi: unga 100 mln so‘mgacha komissiyasiz o‘tkazmalar va 10 ta to‘lov kiradi.
Obuna ulanganidan keyingi birinchi oy bepul bo‘ladi — tarif biznesingizga qanchalik mos kelishini tushunib olishingiz uchun.
Business Pro obunasi uchun oyiga 600 000 so‘m to‘laysiz: unga 500 mln so‘mgacha komissiyasiz o‘tkazmalar va 20 ta to‘lov kiradi.
Tarifni keyinroq tanlasangiz ham bo‘ladi. Hozir bazaviy xizmatdan foydalanishni boshlab, to‘lovlar soni oshganda pulli tarifga o‘tishingiz mumkin.
TBC Biznes’da hisobraqamni qanday ochish mumkin
Hisobraqam TBC Biznes ilovasining o‘zida ochiladi. Buning uchun:
1. Ilovani yuklab oling va telefon raqamingiz orqali ro‘yxatdan o‘ting.
2. Pasport ma’lumotlarini kiriting va identifikatsiyadan o‘ting — buning uchun kameraga qarash kifoya.
3. “Hisobraqam ochish” knopkasini bosing va biznesingiz shaklini tanlang: YTT yoki yuridik shaxs.
4. Arizani tasdiqlang.
Videoda hisobraqamni qanday ochish haqida batafsil qo‘llanma bor.
Qisqacha: hisobraqam ochish uchun nimalarni bilish kerak
Biznes ro‘yxatdan o‘tishi bilan hisobraqam ochish majburiy bo‘lmasligi mumkin. Lekin to‘lov qabul qilish, yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitob qilish, pul o‘tkazish va operatsiyalarni hujjatlar bilan tasdiqlash hisobraqam bilan qulayroq bo‘ladi.
Bank va tarifni biznes ehtiyojidan kelib chiqib tanlash kerak. YTT uchun qulay ilova, tezkor to‘lovlar va past komissiyalar muhim. MCHJ uchun esa foydalanish huquqlari, ommaviy to‘lovlar, hisobraqam ko‘chirmalari, operatsiyalar tarixi va to‘lovlar nazorati muhimroq bo‘ladi.
Hisobraqam ochish odatda bepul, xizmat narxi esa tarifga bog‘liq bo‘ladi. Tarif imkoniyatlari qancha ko‘p bo‘lsa, xizmat narxi ham shuncha yuqori bo‘ladi.
TBC Biznes obunasining birinchi oyi bepul. Shu vaqt ichida tarif biznesingizga qanchalik mos kelishini tushunib olishingiz mumkin bo‘ladi.
